Elektron savdo maydonchasida elektron savdolar o’tkazish qoidalari

Mazkur Nizom yagona elektron savdo maydonchasida (YESM) ochiq elektron onlayn auksion savdolarini o’tkazishni tartibini belgilaydi. YESMda savdolar turli mulkchilik shakldagi ob’yektlar, shu jumladan qurilish tugallanmagan ob’yektlar, ko’chmas mulklar va ularga bo’lgan huquqlar, jismoniy shaxslarga umrbod egalik qilish huquqi bilan individual uy-joy qurilishi uchun ajratilgan yer uchastkalari hamda yuridik shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun ajratilgan yer uchastkalarini realizatsiya qilish, shuningdek avtomototransport vositalari, asbob-uskunalar, ustav kapitalidagi ulushlar, boshqa turdagi mol-mulklarni sotish maqsadida o’tkaziladi. Savdolar elektron onlayn auksion shaklida o’tkaziladi.

Asoslangan qonun hujjatlari:

  • O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi 3-kichik bo’lim “Ob’ektlar” 8-BOB “Nomoddiy ne’matlar” 97-98 moddalar;
  • IV bo’lim “Intelektual mulk” 1031-1040 moddalar;
  • 4-kichik bo’lim “Bitimlar va vakillik” 9-BOB “Bitimlar” 1-§ “Bitimlar tushunchasi. Turlari va shakli”, 101-105 moddalar, 107-111 moddalar;
  • 6-§. Zakalat, 311-312 moddalar;
  • 27-BOB “Shartnoma tuzish” 364-381 moddalar;
  • 7-§. “Ko’chmas mulkni sotish” 479-488 moddalar;
  • 38-BOB. “Haq evaziga xizmat ko’rsatish” 703-708 moddalar;
  • 46-BOB. “Topshiriq” 817-825 moddalar.
  • O’zbekiston Respublikasining 1994 yil 6 maydа qabul qilingan «Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to’g’risida»gi 1060-XII-sonli 

Atamalar va tushunchalar

yagona elektron savdo maydonchasi – elektron onlayn auksionni tashkil etish va uni o’tkazish jarayoniga qiziqish bildirganlarni ishtirokini ta’minlaydigan, shuningdek, elektron onlayn auksion savdolarni tashkil etish jarayoni uchun ma’lumotlarni kiritish, saqlash va umumlashtirish imkonini beradigan axborot tizimi.

elektron onlayn auksioni – Internetdagi yagona elektron savdo platformasidagi barcha ishtirokchilarga ishtirok etish uchun teng huquqlari yaratilgan elektron savdolar turi.

operator – yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn auksion savdolarni tashkil etish va o’tkazishga vakolatli tashkilot.

xabarnoma – yagona elektron savdo maydonchasi orqali ob’ektning savdolarini amalga oshirish haqida Internetdagi rasmiy saytda joylashtiriladigan ma’lumot.

ob’ekt – turli mulkchilik shakldagi mulklar, shu jumladan qurilish tugallanmagan mulklar, ko’chmas mulklar va ularga bo’lgan huquqlar, jismoniy shaxslarga umrbod egalik qilish huquqi bilan yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun ajratilgan yer uchastkalari hamda yuridik shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun ajratilgan yer uchastkalari, avtomototransport vositalari, asbob-uskunalar, ustav fondi ulushlari, boshqa turdagi mulklar.

auktsion loti – electron onlayn auksionda realizatsiya qilish uchun chiqarilgan ob’ekt.

boshlang’ich narx – elektron onlayn auksionga chiqarilgan ob’ektning boshlang’ich narxi.

minimal narx – ob’ektni sotish mumkin bo’lgan pasaytirilgan narxi.

ob’ektning baholash narxi – electron onlayn auksionga chiqarilgan ob’ektning baholash hisobotida ko’rsatilgan narx.

takroriy auktsion – ob’ekt egasi ko’rsatmasi bo’yicha narxini pasaytirish usuli bilan amalga oshiriladigan elektron onlayn auksion.

sotuvchi – ob’ekt yoki mulkning va unga bo’lgan huquqlarning egasi hisoblanadi, Davlat raqobat qo’mitasi va uning hududiy boshqarmalari (davlat mulki va yer uchastkalarini realizatsiya qilishda).

foydalanuvchi – kim oshdi savdosida ishtirok etishni istagan yuridik yoki jismoniy shaxs.

auksion qatnashchisi – onlayn auksionda qatnashish uchun ariza bergan va onlayn-auksionda qatnashishga ruxsat berilgan jismoniy yoki yuridik shaxs.

g’olib – savdo ob’ektining eng yuqori bahosini taklif etgan auksion ishtirokchisi.

texnik uzilish – ishtirokchilardan biriga elektron onlayn-auksionda ishtirok etishga imkon bermaydigan yoki operator xodimiga elektron onlayn-auksion o`tkazilishiga xizmat ko`rsatishning texnik imkoniyatini ta`minlamaydigan elektron savdo maydonchasidagi texnik nosozliklar.

  1. Umumiy qoidalar
  • «Elektron-auksion savdolarni tashkil etish markazi» YESMda elektron auksionlarni tashkil etish va o’tkazish huquqiga ega.

Elektron onlayn auksionida jismoniy va yuridik shaxslar, ushbu hujjatning 1.3-bandda ko’zda tutilgan hollardan tashqari, ishtirok etishlari mumkin.

  • Onlayn elektron auksionda ishtirok etish uchun foydalanuvchi ro’yxatdan o’tish talab etiladi. . YESMda ro’yxatdan o’tgach, foydalanuvchiga «Shaxsiy kabinet» yaratiladi. Elektron onlayn auksion tizimiga ro’yxatdan o’tish va avtorizatsiya qilish yo’li orqali foydalanuvchi o’zi haqidagi ma’lumotlarning to’g’riligini kafolatlaydi va ularning ishonchliligi uchun to’liq javobgar bo’ladi. Ro’yxatga olish – foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini operatorni qayta ishlashga (jumladan, yig’ish, saqlash, tasniflash va tushuntirish) roziligini bildiradi.
  • Quyidagi toifadagi shaxslar onlayn elektron auktsionda qatnasha olmaydi:

qabul qilish muddati tugagandan so’ng ariza bergan foydalanuvchilar;

operatorning xodimlari;

tugatish bosqichida turgan yoki bankrot deb e’tirof etilgan nodavlat yuridik shaxslar.

  • Elektron onlayn auksionlar va lot haqida ma’lumot operator veb-portalida savdo boshlangunga qadar kamida 30 kalendar kun oldin e’lon qilinadi.
  1. Elektron onlayn auksionda ishtirok etish shartlari

2.1. Elektron onlayn auksionda ishtirok etish zakalatni to’lab, foydalanuvchining avvalroq ro’yxatdan o’tgan login va paroli yordamida tizimga kirishi orqali amalga oshiriladi.

2.2. Elektron auksion savdolarda qatnashish uchun arizalar xabarnoma berilgan kundan boshlab operatorning veb-portalida avtomatik ravishda qabul qilinadi va onlayn auksion kunidan oldingi ish kunida soat 10-00 da to’xtatiladi.

Qabul qilish muddati tugagandan so’ng zakalatlar qabul qilinmaydi.

2.3. Onlayn auksionda ishtirok etish uchun zakalat xabarnomada ko’rsatilgan miqdorda belgilanadi va operatorning bank hisob raqamiga to’lanadi.

Zakalat kiritish yo’li bilan ishtirokchi, auktsion g’olibi deb topilganida belgilangan majburiyatlarning, jumladan qurilish va investitsiya kiritish muddatlariga rioya etish, yaratiladigan yangi ish o’rinlari sonini ta’minlash, obyektning profili va mahsulotlarning turi (ko’rsatilgan xizmatlar) yaratishdan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini kafolatlaydi. Mavjud majburiyatlar xabarnomada ko’rsatiladi.

2.4. Ishtirokchi onlayn elektron auksionda qatnashish uchun zakalat topshirish muddatidan kechiktirmay, shaxsiy kabinet orqali operatorga xabarni yuborib arizasini qaytarib olishi yoki o’zgartirishi mumkin.

Elektron auksionda ishtirok etish uchun ariza qaytarib olinganidan keyin operator 5 ish kuni ichida zakalat miqdorini qaytaradi. Zakalat summasi arizachining auksionda ishtirok etish haqidagi arizasida ko’rsatilgan bank hisob raqamiga o’tkaziladi.

2.5. Belgilangan talablarga muvofiq arizani elektron auksionda ishtirok etishga to’g’ri to’ldirgan va vaqtida jo’natgan, shuningdek, zakalatning to’liq miqdorini to’lagan foydalanuvchining arizasi operator tomonidan qabul qiladi, hamda auksion ishtirokchisi maqomini olganligi to’g’risida ariza beruvchiga elektron pochta orqali xabar beradi.

Auksion ishtirokchisiga zakalat puli to’lagan auksion savdosida ishtirok etish huquqi taqdim etiladi.

2.6. Agar ariza va unga ilova qilingan hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq to’ldirilmagan va jo’natilmagan bo’lsa, operatorning bank hisobvarag’iga zakalat kiritilmagan (to’liq to’lanmagan) va ushbu hujjatning 1.3-bandida ko’rsatilgan shaxslar tomonidan ariza taqdim etilganda, operator auksionda ishtirok etish uchun arizachining arizasini rad etib foydalanuvchiga xabar beradi.

Bunday holatda, arizachi kamchiliklarni tuzatib, xabarnomada ko’rsatilgan arizalarni qabul qilishning oxirgi muddatidan kechiktirmay, onlayn auksionda ishtirok etish uchun qaytadan ariza berish huquqiga ega.

  1. Elektron onlayn auksionni narxni qadamba-qadam oshirish usuli bilan o’tkazish tartibi

3.1. Operatorning veb-portalida elektron onlayn-auksion xabarnomada ko’rsatilgan kun va vaqtdan boshlanadi.

3.2. Elektron auksion savdolari ob’ektga ariza topshirgan ishtirokchilar mavjud bo’lganida o’tkaziladi. Online auksion ishtirokchilari internet auksion boshlanishidan 1 soat oldin veb-portal tomonidan ularga berilgan maxsus raqamdan foydalanib, savdo maydonchasiga kiradilar. Auktsionga arizasi qabul qilingan ishtirokchilar soni oshkor qilinmadi.

3.3. Elektron onlayn auksion ish kuni davomida soat 12-00 dan 16-00 gacha o’tkaziladi. Auksion savdosi ishtirokchi savdo ob’ekti bo’yicha olgan maxsus kod orqali savdo maydonchasiga kirganidan so’ng boshlanadi.

3.4. Ob’ektning elektron auksion orqali sotish uchun belgilangan narxi lotning boshlang’ich bahosi hisoblanadi.

3.5. Auksionning qadam miqdori:

ob’ektning boshlang’ich bahosining 5 foizi;

ob’ektning boshlang’ich bahosining 3 foizi, qiymati onlayn-auksion xabarnomani joylashtirish vaqtida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorining 10000 barobaridan ortiq bo’lganda;

ob’ektning boshlang’ich bahosining 1,5 foizi, qiymati onlayn-auksion xabarnomani joylashtirish vaqtida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorining 30000 barobaridan ortiq bo’lganda;

auksion qadami miqdori sotuvchi tomonidan bozor konyukturasidan kelib chiqib belgilanishi mumkin.

3.6. Elektron onlayn-auksion ishtirokchilarga lotni boshlang’ich narxda sotib olish  taklifini berish bilan boshlanadi

3.7. Agar qatnashchilardan biri 10 daqiqa ichida taklifni tasdiqlasa, belgilangan qadamga oshirilgan narx bo’yicha keyingi taklifni boshqa ishtirokchilar tomonidan tasdiqlash vaqti avtomatik tarzda 10 daqiqaga uzaytiriladi.

3.8. Oxirgi tasdiqlangan taklifdan so’ng 10 daqiqa ichida lotning narxini oshirish bo’yicha keyingi taklifni ishtirokchilarning birortasi tasdiqlamasa, elektron auksion savdolari auksion natijalari bo’yicha bayonnomani avtomatik ravishda tuzish yo’li bilan tugatiladi. Oxirgi tasdiqlangan taklifni bergan ishtirokchi auksion g’olibi deb topiladi.

3.9. Agar lotning bahosini oshirish taklifining oxirgi tasdiqlovi ishtirokchi tomonidan onlayn auksion tugaguniga qadar 10 daqiqadan kamroq vaqt oldin berilsa, auksion davri avtomatik ravishda taklifning oxirgi tasdiqlangan vaqtdan boshlab 10 daqiqaga uzaytiriladi. 10 daqiqa davomida har bir keyingi taklif elektron auksion muddatini uzaytiradi. Shu bilan birga, elektron savdolar vaqtini 2 soatdan ortiq bo’lmagan muddatga uzaytirish mumkin va auksion soat 18-00da tugatiladi. Auksion g’olibi deb lotni narxiga taklifni 18-00gacha oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi hisoblanadi.

3.10. Soat 12-00dan 16-00gacha lotning narxini oshirish bo’yicha taklifni ishtirokchilarning birortasi tasdiqlamasa, elektron auksion savdolari bo’lib o’tmagan deb topiladi va 16-00da tugatiladi.

3.11. Elektron savdo maydonchasi texnik uzilishi (nosozligi) natijasida elektron savdolar o’tkazishni to’xtatib qo’yadigan bo’lsa, ishtirokchilarni kim oshdi savdosi o’tkaziladigan sana va vaqti to’g’risida ogohlantirib, texnik nosozlik tuzatilgan kundan keyingi kun davom etadi. Ishtirokchining kompyuterida va (yoki) telekommunikatsiya uskunasida texnik nosozlik (uzilish) bo’lsa, auktsion davom etadi.

  1. Elektron onlayn auksionni bo’lib o’tmagan deb hisoblash

4.1. Quyidagi hollarda elektron auksion bo’lib o’tmagan deb topiladi:

auktsionda ishtirok etish uchun ishtirokchilardan birorta ariza topshirilmaganda;

auktsionda ishtirok etish uchun yagona ishtirokchi ariza topshirganida;

savdo maydonchasida ro’yxatdan o’tgan ishtirokchilar tomonidan ob’ektni sotib olish taklifi berilmaganda;

operator auksion g’olibi ushbu hujjatning 1.3-bandida ko’rsatilgan shaxslarga tegishli ekanligi aniqlanganda, auksion savdosi natijalari to’g’risida bayonnoma tuzishdan oldin.

4.2. Takroriy auksionlar xabarnomada ko’rsatilgan kun va vaqtda o’tkaziladi. Takroriy auksionda ob’ektlarni sotishda savdoni o’tkazish tartibi o’zgarishsiz qoladi.

  1. Auksion ob’ektlariga bo’lgan huquqlarni rasmiylashtirish va to’lovlarni amalga oshirish tartibi

5.1. Har bir sotilgan ob’ekt bo’yicha veb-portal tomonidan avtomatik tarzda savdo kuni onlayn auksion natijalari to’g’risidagi elektron bayonnoma rasmiylashtiriladi. Elektron bayonnoma savdo tashkilotchisi tomonidan va auksion g’olibi (hozir bo’lsa) tomonidan tasdiqlanadi.

Zarurat bo’lganda, elektron bayonnoma nusxasi, savdo maydonchasining hududiy filialining muhri bilan joylarda tasdiqlanadi.

5.2. Auksion natijalari to’g’risidagi bayonnoma sotuvchi va onlayn auksion g’olibi o’rtasida oldi-sotdi shartnomasini tuzish uchun asos hisoblanadi.

5.3. Agar ob’ektni sotish bo’yicha savdoga qatnashish uchun yagona ishtirokchidan ariza kelib tushgan bo’lsa, elektron auksion bo’lib o’tmagan deb topiladi. Qiziqish bildirgan yagona ishtirokchi bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzish masalasi sotuvchi tomonidan ko’rib chiqiladi.

5.4. Savdo g’olibi tomonidan auksion o’tkazilganidan keyin 20 kun ichida, ob’ektning sotuvchisi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolamasa yoki imzolashdan bosh tortsa, shuningdek kelishuvchanlik va onlayn auksion jarayonini buzadigan boshqa harakatlarda ishtiroki aniqlanganda, ushbu ob’ektni keyingi savdolarida ishtirokchi sifatida qatnashmaydi.

Ushbu shaxs onlayn auksion g’olibi sifatida sotuvchisi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolamasa yoki imzolashdan bosh tortsa, shuningdek kelishuvchanlik va onlayn auksion jarayonini buzadigan boshqa harakatlarda ishtiroki takroran aniqlanganda, ushbu shaxs avtomatik ravishda elektron savdo maydonchasi orqali keyingi savdolarda qatnasha olmaydigan shaxslar ro’yxatiga kiritiladi.

  1. Zakalat summasini qaytarish tartibi va shartlari

6.1. Auksion savdosi tugaganidan yoki uning bo’lib o’tmagan deb topilganidan keyin zakalat qaytarib beriladi, 6.2-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno:

bo’lib o’tmagan deb topilganidan auktsion ishtirokchisiga auksion kunidan boshlab 5 ish kuni ichida;

g’olib bo’lmagan ishtirokchiga auksion kunidan boshlab 5 ish kuni ichida.

yagona ishtirokchi zakalat summasi sotuvchining ob’ektni oldi-sotdi shartnomasini tuzish (tuzmaslik) haqida ma’lumot taqdim etgunga qadar operator hisobiga qoladi.

Auksion ishtirokchisining arizasi bo’yicha zakalat miqdori lotning takroriy auktsionida ishtirok etish uchun operatorning bank hisob raqamiga qoldirilishi mumkin.

6.2. Auksion savdosi g’olib deb e’tirof etilgan va 20 kun ichida ob’ekt sotuvchisi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolamagan va ushbu hujjatning 1.3-bandida ko’rsatilgan kim oshdi savdosi ishtirokchisining zakalati qaytarilmaydi va operatorning tasarrufida qoladi.

  1. Elektron onlayn auksionni to’xtatish yoki bekor qilish tartibi va shartlari

7.1. Elektron onlayn auksionni tashkil etish jarayoni savdoning boshlanishiga qadar yoki bo’lib o’tmagan deb topilganida sotuvchining talabiga binoan, sudning qaroriga asosan va qonunga zid kelmaydigan boshqa hollarda to’xtatilishi mumkin.

Bunda ishtirokhining arizasiga binoan zakalat summasi 5 ish kuni ichida qaytariladi

7.2. Auksion savdo jarayoni to’xtatilganligiga bog’liq bo’lgan va ob’ekt savdodan olinganligi natijasida kelib chiqadigan savollar va nizolar auksion g’olibning qonuniy manfaatlarini va elektron auksionda g’olib bo’lganligi faktini hisobga olib, sud tomonidan ko’rib chiqiladi.